Bu prezidentning «Respublikada xalqaro ta’lim standartlari asosida o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim dasturlarini joriy etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan.
Qarorga muvofiq, Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi faoliyati Buyuk Britaniyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalari tajribasi asosida tashkil etiladi.
Shuningdek, Oliy maktab bilan texnikumlar o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Integratsiyalashgan ta’lim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan texnikum bitiruvchilari Oliy maktabning tegishli bakalavriat yo‘nalishlarida o‘qishni kirish imtihonlarisiz davom ettirish imkoniga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, integratsiyalashgan dasturlar asosida to‘plangan kreditlarning yetakchi xorijiy hamkor oliy ta’lim muassasalari tomonidan tan olinishi ta’minlanadi.
Qaror bilan «El-yurt umidi» jamg‘armasiga 2027-2028 o‘quv yilidan boshlab tanlovdan o‘tgan talabalarning QS yoki Times Higher Education reytinglarining top-300 taligiga kiruvchi, shuningdek sohaviy yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirish bilan bog‘liq xarajatlarini moliyalashtirishga ruxsat berildi.
Shuningdek, mazkur universitetlarga shartli qabul qilingan talabgorlar uchun Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi va boshqa mahalliy oliy ta’lim muassasalarida tashkil etiladigan 1-kurs (foundation) dasturlarining kontrakt (tuition fee) xarajatlari ham jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplanadi.










