Bu prezidentning «Respublikada xalqaro ta’lim standartlari asosida o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim dasturlarini joriy etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan.
Hujjatga ko‘ra, mamlakatda integratsiyalashgan ta’lim dasturlarini rivojlantirish maqsadida Buyuk Britaniyaning IQF (Integrated Qualifications Framework) ta’lim tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan Xalqaro malakalar va baholash markazining vakolatlari kengaytiriladi.
Markazga, jumladan, ishlab chiqilgan integratsiyalashgan dasturlarni QS (Quacquarelli Symonds) va Times Higher Education (THE) xalqaro reytinglarining top-100 taligiga kiruvchi hamkor universitetlar akademik talablari bilan taqqoslash va muvofiqlashtirish vazifasi yuklatildi.
Shuningdek, mazkur oliygohlar tomonidan tan olinadigan bakalavriat bosqichidagi «1+3», «2+2», magistraturadagi «1+1» ta’lim modellarini ishlab chiqish ham nazarda tutilgan.
Qaror bilan O‘zbekistonda yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarining diplomlarini berishga qaratilgan tuzilmalarni - kampuslar, filiallar, franshizalar va ta’lim dasturlarini amalga oshirish markazlarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishish choralari ham belgilandi.
Shuningdek, Buyuk Britaniyaning ilg‘or tajribasi asosida integratsiyalashgan ta’lim dasturlarini keng joriy qilish maqsadida Toshkent arxitektura-qurilish universiteti huzurida Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi tajriba-sinov tariqasida tashkil etiladi.
Mazkur tashabbus O‘zbekistonda xalqaro ta’lim dasturlarini kengaytirish, talabalarga nufuzli xorijiy universitetlar bilan qo‘shma ta’lim olish imkoniyatlarini yaratish hamda mamlakat oliy ta’lim tizimining xalqaro raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.











