Ohangaron tumanida joylashgan, kuniga taxminan 3,5 ming tonna chiqindi qabul qiladigan chiqindi poligonida bir necha kun avval yirik yong‘in sodir bo‘ldi. Rasmiylar hodisani havo haroratining keskin ko‘tarilishi bilan izohlamoqda. Biroq Kun.uz suhbatlashgan voqea guvohlari va mahalliy aholi butunlay boshqa manzarani tasvirladi. Ularning ta’kidlashicha, bu yerda chiqindilar birinchi marta yonmayapti va yong‘inlar, asosan, tungi vaqtda kuzatiladi.
“Chiqindi ko‘pligi uchun yoqib yuborishyapti deb o‘ylayman”
“Kunduzi hech qanday tutun bo‘lmaydi. Aynan kechqurun olov chiqadi, kengligi 100 metr, balandligi 200-300 metr balandlikda qip-qizil bo‘lib yonadi. Zavodda kechki smenada xitoylik va o‘zimizning o‘zbek ishchilar ishlaydi. Bitta smenada 8-9 ta niqob almashtirishga majbur bo‘lishadi. Xonaga (ishdan keyin) kelgan paytida usti to‘la kul bo‘ladi, yonadigan joy uzoq, lekin ust-bosh tutun bo‘ladi. Bu yoqda Navro‘z qishlog‘i bor, shu qishloqdagi mahalliy aholigacha boradi tutun. Bu yog‘i Qiziltog‘ ko‘prigigacha boradi. Shamol bo‘lgan kunlari ishchilar bemalol ishlashadi, chunki shamol tutunni Toshkent shahri tomonga olib ketadi. Kechasi 22:30 dan ertalabki 8:00 gacha tutun bo‘ladi.
Bir kuni qarasam “Labo” turibdi, orqasida solyarka to‘la kanistr bor. Bu (yong‘in) maxsus uyushtirilgan. Chiqindi ko‘pligi uchun yoqib yuborishyapti deb o‘ylayman. Agar tabiiy ofat bo‘lsa, kunning issig‘ida yonishi kerak, kechasi emas. Chiqindi ko‘payganidan keyin texnikalarni kamaytirish maqsadidami, texnika ishlatmaslik maqsadidami, yoqib yuborishga qaror qilingan bu”, - deydi shu hududdagi zavod qurilishida ishlayotgan ishchilardan biri.
Yana bir ishchining aytishicha, tutun faqat noqulaylik emas, balki sog‘lik uchun ham xavf tug‘dirgan.
“Ko‘z ochib bo‘lmaydi, tomoq, burun achishib ketadi. 1-2 ta ishchilar qayt qilib yiqildi ham. Keyin uyiga jo‘natib yuborishga majbur bo‘ldik”.
“Eshik-oynalarni yopib yotishga majbur bo‘lamiz”
Bu iddaolar hozircha rasman tasdiqlangani yo‘q. Ammo Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lumotlari yong‘in faqat bir kun yuz bermaganini tasdiqlaydi. Qo‘mitaga ko‘ra, 10 iyul kuni yong‘in aniqlangach, poligon rahbari ma’muriy javobgarlikka tortilgan va yong‘inni zudlik bilan bartaraf etish bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berilgan. Biroq ekopolitsiya o‘tkazgan qayta tekshiruvda ushbu ko‘rsatma bajarilmagani, keyingi kunlar ham yong‘in davom etayotgani qayd etilgan.
Shu bilan birga, Chiqindilarni boshqarish va tsirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi mazkur holatni “tabiiy yong‘in” sifatida baholagan.
Kun.uz voqea guvohlari tilga olgan qishloqlarda bo‘lib, mahalliy aholi bilan ham suhbatlashdi.
“Kechki payt yoqishadi, tutun hidi, chiqindi hidi butun atrofni qoplaydi. Kechasi hovliga chiqsangiz, shunaqa yomon hid bo‘ladi. Eshik-oynalarni yopib yotishga majbur bo‘lamiz. Ekologiyaga ta’siri juda yomon. Yonimizdagi qo‘shni qishloqlarda: Beshtom, Yangi hayotda mashinada o‘tsak ham tutun ichidan o‘tamiz. Qorong‘i tushgandan keyin yoqib yuborishadi”, - deydi aholi vakillaridan biri.
Yana bir fuqaro esa bu holat odamlar salomatligiga jiddiy ta’sir qilayotganini ta’kidlaydi.
“Oynalarni ochib bo‘lmaydi tutundan. Hamma oilada yoshi kattalardan qo‘shimcha bemorlari bor, ularga toza havo kerak. Shaharda odamlar kislorod ballonidan nafas olishga majbur bo‘lyapti ba’zida. Biz esa ayni qishloqda yashab, bizga havas qilishadi toza havodan nafas olasizlar deb. Afsuski, biz shahardan ko‘ra (yomon) havodan jabr ko‘ryapmiz”.
“Agar Xitoyda shunday holat kuzatilsa, mutasaddilarga qamoq jazosi berilardi”
Poligon hududida Xitoy kompaniyasi ishtirokida chiqindidan elektr energiyasi va gaz ishlab chiqarish zavodi qurilmoqda. Kompaniya xodimlari ham ish sharoiti og‘irlashganini aytmoqda.
“Sog‘ligini yo‘qotgani sababli ishchilar ketishdi, “bu yerda ishlay olmaymiz”, deb. Kompaniya bu masalada salbiy fikrda, “agar Xitoyda shunday holat kuzatilsa, mutasaddilarga qamoq jazosi berilardi. Bizni elchixonaga olib bor”, deyishdi. Shu elchixonaga murojaat qilishganidan keyin biroz o‘zgarish bo‘ldi”, - deydi Xitoy kompaniyasi ishchilaridan biri.
Poligon rahbariyati esa ayblovlarni rad etmoqda.
Chiqindilarni qayta yuklash va utilizatsiya qilish filiali rahbari Rafael Bekmullin so‘zlariga ko‘ra, yong‘in havo haroratining keskin ko‘tarilishi oqibatida yuzaga kelgan va uni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.
“Ikki kun oldin havo harorati keskin oshgani sabab Toshkent shahar maishiy chiqindi poligonida yong‘in bo‘lgan. Hozirgi kunda bu yong‘inni o‘chirdik. Hozir tutash holatida. Ustini tuproq bilan yopyapmiz, bunga “Maxsustrans” tomondan 25-30 ta texnika jalb qilingan. Undan tashqari ko‘chadan 15 ta samosval jalb qilingan. Umumiy 45-50 ta texnika ishlayapti. Bugun asosiy tutunni o‘chirishni rejalashtirdik, ertaga hammasini bartaraf qilamiz.
Bunday yong‘in birinchi marta bo‘lishi, oldin bunaqa holat bo‘lmagan. Bu yangi poligon, bunaqa yong‘in bo‘lmasdi. Havo issiq bo‘lganiga shunaqa bo‘ldi”.
Ammo rasmiy ma’lumotlarning o‘zi ham ekologik vaziyat jiddiyligini ko‘rsatmoqda. Ekologiya qo‘mitasi laboratoriya tahlillariga ko‘ra, yong‘in oqibatida atmosferada uglerod oksidi me’yordan 10,7 baravar, formaldegid 12,2 baravar, azot dioksidi 12,8 baravar, oltingugurt dioksidi 9 baravar, vodorod sulfidi esa 1,5 baravar oshgan.
Shu munosabat bilan poligonga mas’ul bo‘lgan Toshkent shahar hokimligi tizimidagi “Maxsustrans” davlat unitar korxonasiga 683,9 million so‘mlik kompensatsiya to‘lovi hisoblangan va hujjatlar sudga kiritish uchun tayyorlangan.
Yana bir e’tiborli jihat: rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur poligon haligacha foydalanishga rasman topshirilmagan. Shunga qaramay, unga bir yildan ortiq vaqtdan buyon Toshkent shahrining maishiy chiqindilari tashlab kelinmoqda.
Hozircha chiqindilar qasddan yoqilganini tasdiqlaydigan rasmiy xulosa yo‘q. Lekin bir savol ochiq qolmoqda: agar bu haqiqatan ham faqat anomal issiqlik oqibati bo‘lsa, nega yong‘in bartaraf etish haqidagi majburiy ko‘rsatmadan keyin ham davom etdi? Va nega mahalliy aholi hamda ishchilar bir necha yildan buyon aynan kechasi takrorlanadigan yong‘inlar haqida bir xil gapni aytmoqda?
Bu savollarga aniq javob berilmaguncha, Ohangarondagi poligon atrofidagi shubhalar ham tarqamaydi. Chunki gap faqat chiqindilar haqida emas, minglab odamlar salomatligi bilan bog‘liq.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil qish oylarida ham Toshkentda havoning ifloslanish darajasi ortib ketgan va buning ortidan qat’iy ekologik reydlar o‘tkazilgan edi.










