Ispaniya milliy jamoasi – yangi jahon chempioni! Luis de la Fuente shogirdlari finalda amaldagi chempion Argentinani mag‘lub etdi. Bu ispanlar tarixidagi ikkinchi jahon chempionligi bo‘ldi – birinchisi 16 yil oldin qo‘lga kiritilgandi.  

Ispaniya – Argentina 1:0
Gol: Torres, 106 (1:0)
Ispaniya: Simon, Kukurelya, Lyaport (Garsiya, 99), Kubarsi, Porro, Ruis (Pedri, 62), Rodri (Subimendi, 99), Baena (Uilyams, 75), Olmo (Merino, 75), Yamal, Oyyarsabal (Torres, 62)
Argentina: E. Martines, Talyafiko, L. Martines (Otamendi, 44), Romero (Medina, 70), Montiel (Molina, 58), Gonsales (Paredes, 46), Makallister, Fernandes, de Paul (Simeone, 70), Alvares (Senesi, 102), Messi
Ogohlantirishlar: L. Martines, 41. Paredes, 52. Fernandes, 82. Makallister, 111
Chetlatish: Fernandes, 90 (ikkinchi sariq), Paredes, 120

Ispaniya milliy jamoasi final uchun kutilgan tarkibda tushdi – bu safar ham de la Fuente maydon markazida Pedrini emas, Ruisni o‘ynatdi. Lionel Skaloni esa yarimfinaldagi o‘yin bilan solishtirganda ayrim o‘zgarishlar qildi: u Paredes, Simeone va Molinani zaxirada qoldirdi, ularning boshlang‘ich tarkibdagi o‘rinlarini De Paul, Gonsales va Montiyel egalladi.

Argentina ham, Ispaniya ham ilk daqiqalardan maydon markazida ustunlik qilishga urg‘u qaratdi. Ammo buni turlicha amalga oshirdi. Skaloni shogirdlari to‘pni Messi uchun bo‘shliqlar yuzaga kelgunicha kutish rejimida olib yurdi, de la Fuente shogirdlari esa maydonning raqib darvozasi joylashgan qismida kuchli pressing uyushtirib, to‘pni tezda o‘ziga qaytarishga harakat qildi.

«Qizil furiya» tezkor gol urishi mumkin edi, Yamal Olmo bilan devor uslubida o‘ynab, zarba berish pozitsiyasiga chiqib bordi. Ammo Martineslar ikkitalik seyv amalga oshirdi – Lisandro zarba yo‘lini to‘sdi, Emiliano to‘pni uzoqlashtirdi.

Argentinaliklarni finalgacha olib kelgan Messi esa maydonda sezilmadi. O‘yinning dastlabki 15 daqiqasida u atigi bir marta to‘pga tegindi, bu o‘yindagi istalgan futbolchinikidan kam edi. Himoyada hech kim Leodan yordam kutgani ham yo‘q, hujumda esa unga to‘p yetib bormadi.

Bo‘limning qolgan qismida ham argentinaliklar chuqur himoyalandi va birinchi bo‘lim davomida biror marta zarba bermadi, raqib jarima maydonida biror marta to‘p bilan muomila qilinmadi. De la Fuente shogirdlarida statistika bilan maqtana olmaydi, ispanlar bo‘lim davomida atigi uch marta zarba berdi (shundan ikkitasi darvoza sohasiga to‘g‘ri bordi). Bu JCh tarixidagi vaziyatlar eng kam kuzatilgan bo‘lim bo‘ldi (oxirgi marta 1966 yilgi finalda dastlabki 45 daqiqalikda bu qadar kam hujum uyushtirilgan).

Shu kuni JCh tarixidagi yana bir noodatiy voqea ro‘y berdi: birinchi bo‘limdan keyingi tanaffus rekord darajada 27 daqiqa cho‘zildi. Bu vaqtda yig‘ilgan muxlislar uchun Madonna, BTS, Jyeyson Sudekis, Jastin Biber va Shakira kabi yulduzlar ishtirokida konsert qo‘yib berildi.

Tanaffusdan keyin ham kartina o‘zgarmadi va o‘yin ispanlarning to‘liq ustunligida kechishda davom etdi va faqat Emiliano Martinesning seyvlari argentinaliklarni o‘yinda olib qoldi. U o‘yinning asosiy vaqti davomida 10 dan ortiq seyv ijro etdi, bu vaqtda esa narigi darvozada turgan Unai Simonga umuman ish topilmadi – Argentina ikkinchi bo‘limda ham birorta zarba bera olmadi.

Janubiy amerikaliklar bor e’tiborini raqib hujumlarini qo‘pollik bilan to‘xtatishga va o‘yin tempini buzishga qaratdi, bu uslub esa yakunda pand berdi.

Avvaliga hakam bilan tortishgani uchun sariq kartochka olgan Enso Fernandes o‘yinning asosiy vaqtiga qo‘shib berilgan daqiqalar boshlanganida maydon markazida keraksiz fol ishlatdi va maydondan chetlatildi.

Biroz o‘tib yevropaliklarda xavfli jarima zarbasi yuzaga keldi, Yamal o‘yin taqdirini hal qilishi mumkin edi, ammo Martines yana qahramonlik ko‘rsatib, burchakka ketayotgan to‘pga ulgurdi.

O‘yinning asosiy vaqti va qo‘shimcha daqiqalar bilan jami 100 daqiqa davomida Argentina baribir zarba bera olmadi. Ispaniyada esa bu vaqtda zarbalar soni 15 tani tashkil etib, xG bo‘yicha 1,20 ko‘rsatkichi qayd etildi. Shunga qaramay, asosiy vaqtda g‘olib aniqlanmadi va o‘yin qo‘shimcha bo‘limlarga o‘tdi.

Qo‘shimcha bo‘limlar boshida ispanlar gol urishdi, ammo Uilyamsning goli unga uzatma bergan Merino raqib himoyachisining oyog‘ini bosib olgani tufayli bekor qilindi. Shundan keyin Skaloni ixtiyoridagi oxirgi o‘zgarishni ishlatib, yana bir himoyachi tushirdi va 5-3-1 sxemasiga o‘tdi. Ammo Argentina penaltilar seriyasigacha bora olmadi. 106-daqiqada Ispaniya o‘yindagi 20-zarbasini golga aylantirdi. De la Fuentening almashtirishlari ish berdi. Uilyams olis ustun tomon uzatilgan to‘pga yetib bordi va uni jarima maydoni markaziga qaytardi, u yerda hech kim qo‘riqlamagan Torres darvozani o‘qqa tutdi – bu safar Martines ham ojiz edi.

Torres finalda dubl qayd etishi ham mumkin edi – ammo uning ikkinchi goli mikroskopik ofsayd tufayli bekor qilindi. Argentinaliklar so‘nggi daqiqalarda hujumga o‘tishdi. Messi o‘ng qanotga ko‘chdi va individual mahorati evaziga o‘yinni hal qilishga urindi. Jamoasining o‘yindagi ilk zarbasini ham aynan Leo 117-daqiqada yo‘lladi, ammo to‘p yo‘lini Merino to‘sib chiqdi. Biroz o‘tib argentinaliklarda yana bir zarba berish imkoniyati yuzaga keldi, ammo Simeone jarima maydoni markazida turib aniq mo‘ljal ololmadi, to‘p darvoza to‘sini yuqorisidan o‘tib ketdi. Shu tariqa, amaldagi jahon chempionlari finalda birorta aniq zarba yo‘llay olmasdan, titulni Ispaniyaga topshirdi.