Interpol tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan O‘zbekiston fuqarosi F.V. Polsha poytaxti Varshava shahridan Toshkentga olib kelindi.
Fuqaroning O‘zbekistonga qaytarilishi mamlakatning Polshadagi elchixonasi tomonidan ko‘rilgan tashkiliy-diplomatik chora-tadbirlar, shuningdek Polsha Adliya vazirligi bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik natijasida amalga oshirildi. Qaytarish operatsiyasi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Interpol milliy markaziy byurosi tomonidan tashkil etildi.
Ma’lum qilinishicha, 1988 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan F.V. O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bo‘yicha ayblanib, Interpolning qizil bildirishnomasi asosida xalqaro qidiruvga berilgan.
Fuqaro Interpol xodimlari hamrohligida Varshavadan Toshkentga olib kelindi.
O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur amaliyot xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda qidiruvdagi shaxslarni vatanga qaytarish bo‘yicha olib borilayotgan tizimli ishlar natijasi hisoblanadi.











