Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 13 iyuldagi 380-sonli qarori bilan «Voyaga yetmagan shaxsni to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilish (emansipatsiya) bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish»ning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Hujjatga muvofiq, davlat xizmatidan Davlat xizmatlari markazlari, «Inson» markazlari yoki ijtimoiy xodim orqali, shuningdek, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali foydalanish mumkin.

Reglamentga ko‘ra, vakolatli organ ariza beruvchini quyidagi shartlar mavjud bo‘lgan taqdirda to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilish to‘g‘risida qaror qabul qiladi:

  • ariza beruvchi psixologik jihatdan yetuk bo‘lishi va o‘z xatti-harakatlarining oqibatini anglay olishi;

  • tadbirkorlik yoki mehnat faoliyati bilan kamida uch oy davomida uzluksiz shug‘ullangan bo‘lishi;

  • o‘quv fanlarini o‘zlashtirishi va davomati bo‘yicha ijobiy ma’lumotga ega bo‘lishi.

Shuningdek, emansipatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilinganidan so‘ng mazkur ma’lumotlar avtomatik tarzda Emansipatsiya qilingan shaxslar reyestriga kiritiladi.