«Toshkent metropoliteni» davlat unitar korxonasi ma’lum qilishicha, respublikada havo haroratining keskin ko‘tarilishi natijasida yerusti temir yo‘l relslari harorati belgilangan me’yor — 55 darajadan yuqoriga chiqmoqda.
Shu munosabat bilan 2026 yil 15 iyuldan boshlab amaldagi yo‘riqnomaga muvofiq yerusti metro yo‘nalishlarida poyezdlarning harakat tezligi har kuni soat 18:00 gacha 60 km/soatdan 40 km/soatgacha vaqtincha cheklanadi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur cheklov poyezdlar harakati intervaliga ham qisman ta’sir ko‘rsatadi. Natijada yerusti yo‘nalishlarida metro poyezdlarining kelish vaqti 14 daqiqagacha uzayishi mumkin.
«Toshkent metropoliteni» ushbu vaqtinchalik cheklov faqat yerusti metro yo‘nalishlariga taalluqli ekanini, yerosti metro yo‘nalishlari esa odatdagidek ishlashda davom etishini ta’kidladi.
Korxona yo‘lovchilar xavfsizligini ustuvor vazifa sifatida baholashini va xavfsiz, qulay hamda ishonchli transport xizmatini ko‘rsatishda davom etishini bildirdi.











