Hodisa Shayxontohur tumani hududida sodir bo‘lgan bo‘lib, uning videosi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Tarqalgan videoda uch nafar otliq tunda yo‘lning o‘ng qatori bo‘ylab harakatlanayotgani, avtomobillarga yo‘l bermagani aks etgan. Videotasvirga olayotgan avtomashina taxminan soatiga 60 kilometr tezlikda harakatlangani ham ko‘rinib turadi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan holat ishtirokchilari aniqlanib, ular ichki ishlar organlariga chaqirilgan.
Ma’lum qilinishicha, ular o‘z qilmishini tan olib, xatosidan pushaymon ekanini bildirgan va kelgusida bunday harakatlarga yo‘l qo‘ymaslikka va’da bergan.
Ichki ishlar organlari esa umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida bunday harakatlar nafaqat ishtirokchilarning o‘zi, balki boshqa yo‘l harakati qatnashchilari hayoti va sog‘lig‘i uchun ham jiddiy xavf tug‘dirishini eslatdi. Shu munosabat bilan fuqarolardan yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilish so‘raldi.











