Hukumat qarori bilan “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni olib kirish, olib chiqish uchun sertifikat berish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, sertifikatdan faqat 1 marta foydalaniladi va uning amal qilish muddati 1 yilni tashkil qiladi.

Giyohvandlik vositalarini olib kirish, olib chiqishga ruxsat berish uchun sertifikat olish talablari va shartlariga quyidagilar kiradi:

ariza beruvchida giyohvandlik vositalari muomalasi bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaning mavjudligi;

giyohvandlik vositalarini olib kirish va olib chiqishda qonunchilikka majburiy rioya qilinishi;

sertifikatni olish uchun taqdim etiladigan ma’lumotlarning ishonchliligini ta’minlash va boshqalar.

Arizani ko‘rib chiqish va sertifikatni rasmiylashtirish uchun BHMning 8 baravari miqdorida yig‘im undiriladi.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi arizani qabul qilingan kundan boshlab 30 ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqib, sertifikat beradi yoki sertifikat berishni rad etadi.