Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari shayxulislom tomonidan tuhfa etilgan, O‘zbekiston va Ozarboyjon rahbarlarining umumiy sa’y-harakatlariga bag‘ishlangan “Qardoshlik va ittifoqchilikning oliy nuqtasi” kitobi uchun minnatdorlik bildirdi.

Muloqot davomida millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash, yoshlarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalash, diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ikki tomonlama madaniy-ma’rifiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qator takliflarni ilgari surdi. Xususan, islomning insonparvarlik va bag‘rikenglik g‘oyalarini yosh avlodga zamonaviy, tushunarli va qiziqarli shaklda yetkazish maqsadida raqamli platformalar hamda interaktiv ta’lim vositalaridan samarali foydalanishda ilmiy salohiyatni birlashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari musulmon dunyosi ilm-fani, ma’naviyati va diniy-ma’rifiy hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shayotgan katta hissasi uchun shayxulislom Ollohshukur Poshshozodani O‘zbekistonning “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirladi.