Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining tegishli buyrug‘iga muvofiq, xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha maxsus sinovlar uchun ta’lim sohalari va yo‘nalishlari kesimida o‘tish ballari tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, «Huquq» ta’lim yo‘nalishi uchun o‘tish bali 165 ball etib belgilangan. «Siyosatshunoslik», «Xalqaro munosabatlar» hamda «Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar» yo‘nalishlarida o‘qishni ko‘chirish uchun kamida 140 ball to‘plash talab etiladi.
«Sog‘liqni saqlash» sohasi uchun o‘tish bali 132 ballni tashkil etadi. «San’at», «Ijtimoiy fanlar», «Jurnalistika» hamda «Biznes va boshqaruv» yo‘nalishlari uchun esa 105 ball belgilangan.
Shuningdek, «Transport xizmatlari» bo‘yicha o‘tish bali 104 ball, «Ta’lim», «Gumanitar fanlar», «Tillar», «Atrof-muhit», «Matematika va statistika», «Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari» hamda «Ijtimoiy ta’minot» sohalari uchun 94 ball qilib tasdiqlangan.
«Biologik fanlar», «Fizika» va «Xizmat ko‘rsatish» sohalarida o‘tish bali 80 ball, «Muhandislik», «Ishlab chiqarish» va «Arxitektura» yo‘nalishlarida 75 ball etib belgilandi.
Bundan tashqari, «Qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi» hamda «Mehnat muhofazasi» uchun 70 ball, «Veterinariya» ta’lim yo‘nalishi uchun esa 60 ball talab etiladi.
Vazirlik xorijiy davlatlarning oliy ta’lim tashkilotlaridan respublika davlat oliy ta’lim muassasalarining mos yoki turdosh bo‘lmagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat etilmasligini ham eslatdi.











