Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qilishicha, test sinovidan ozod etuvchi huquqqa ega abituriyentlar uchun ruxsatnoma rasmiylashtirilmaydi. Bu huquq milliy sertifikat asosida yoki qonunchilikda belgilangan boshqa asoslar bilan berilganidan qat’i nazar, mazkur tartib barchaga bir xil tatbiq etiladi.

Xususan, barcha fanlardan milliy sertifikatga ega bo‘lgan va ro‘yxatdan o‘tish jarayonida «sertifikatdan foydalanaman» tanlovini belgilagan abituriyentlar test sinovidan ozod etilgan hisoblanadi. Shu bois ularning shaxsiy kabinetida ruxsatnoma shakllanmaydi va test topshirish uchun belgilangan manzilga borishi shart emas.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, test sinovlari yakunlanganidan keyin ushbu toifadagi abituriyentlar ham qabulning ikkinchi bosqichida ishtirok etadi. Bu bosqichda ularga 15 kun davomida oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi, ta’lim shakli hamda tanlov ustuvorligini tanlash imkoniyati beriladi.