Vazir Shavkat Hamroyev O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida, bundan tashqari 7 iyul kungi sessiyada Prezident administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Timur Butunbayev ham nutq so‘zladi. Rasmiylar asosan davlatning suv siyosati, budjetdan bu yo‘nalishga ajratilayotgan mablag‘lar, bugungi ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtaldi. Delegatsiya AQSh davlat hamda xususiy tashkilotlari bilan ham muzokaralar o‘tkazmoqda.
Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev Nyu Yorkda Kun.uz jurnalisti bilan gaplasharkan, 2030 yilga borib mamlakatda suv tanqisligi 15 mlrd kub metrga chiqishini ma’lum qildi.
“Suv yetishmovchiligi katta muammo, yaxshiyam bu yili yog‘ingarchilik ancha yaxshi bo‘ldi. Biz mustaqillik yillarida olgan suvimizdan 10-12 mlrd kub metr kam chiqaryapmiz. 2030 yilga borib yetishmovchilik 15 mlrd kub metr bo‘ladi, shuning uchun hozirdan suvni iqtisod qila boramiz, tomchilab sug‘oruvchi texnologiyalarni kengroq joriy qilamiz va shu miqdordagi suvni orttirishimiz kerak”, deydi vazir.
Ma’lum bo‘lishicha, davlat budjetidan bu yili aynan suv xo‘jaligi uchun 4-4,2 foizgacha mablag‘ ajratilishi belgilangan.
Suv stressi bo‘yicha esa BMT O‘zbekistonni ilg‘or ishlovchi davlatlar qatoriga kiritdi. Xo‘sh, bu nima degani?
“Iqlim o‘zgarishi sababli va yog‘ingarchilik kam bo‘lishi, daryolarda suv kamayishi oqibatida biz 169 foiz bosimga ega edik va oxirgi 2017 yildan 2022 yilgacha 47 foizga kamayib, 122 foizga pasaytirishga erishdik. Joriy yil yakuni bilan biz 117 foizga, ya’ni yana 5 foizga kamaytirishga erishamiz. Yana 2030 yilgacha biz bu stressni 95 foizga kamaytiramiz. Suv kamayib boryapti. Biz jami olayotgan suv miqdorimiz, yog‘ingarchilik miqdorlari kamayayotgan bo‘lsa ham, xalq shuni kamroq sezyapti. 11 milliard kub metr bir yilda suv tejashga erishyapmiz”, deydi vazir Kun.uz’ning savoliga javoban.
Eslatib o‘tamiz, Nyu Yorkda siyosiy forum doirasida BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan ham yalpi sessiya rejalangan.










