Hodisa 7 iyul kuni soat 04:22 atrofida Navoiy viloyati, Xatirchi tumani, “Angidon” MFY, Quvray qishlog‘i tog‘ hududida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 4 nafar fuqaro noqonuniy ravishda oltin qazib olish maqsadida kon hududiga borgan.
Ulardan 3 nafari noqonuniy qazilgan chuqurlikka tushib ketib, tuproq ostida qolgan. Tashqarida qolgan bir nafar sherigi zudlik bilan atrofdagilar va Navoiy viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar bergan.
Qutqaruvchilar yetib kelguniga qadar mahalliy aholi va hodisa vaqtida tashqarida bo‘lgan fuqaro sa’y-harakatlari bilan jabrlanganlarning biri chuqurlikdan chiqarib olingan.
FVB qutqaruvchilari voqea joyiga tezkorlik bilan yetib kelib, tuproq ostida qolgan yana ikki nafar fuqaroni qutqarishga muvaffaq bo‘lgan. Qutqarilganlarga dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatilib, ular tegishli tibbiyot muassasasiga yuborilgan.
Hodisa yuzasidan tegishli tartibda tekshiruv ishlari olib borilmoqda.











