Yakkabog‘ tumanida 4 nafar yigit 14 yoshli qizni zo‘rlaganlikda gumonlanmoqda. Bu haqda Nemolchi.uz xabar berdi.

IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov Nemolchi.uz so‘roviga javoban holatni tasdiqlagan. Unga ko‘ra, 7 iyun kuni Yakkabog‘ tumanida 20, 21, 22, 23 yoshli 4 nafar yigit 14 yoshli qizni Damas mashinasiga mindirib, dalaga olib borishgan va zo‘rlashgan. 

Yakkabog‘ tumani IIB huzuridagi tergov-tezkor guruhi voqea joyini ko‘zdan kechirib, ish uchun ahamiyatli bo‘lgan ashyo va dalillarni olib qo‘ygan. Sudga oid tibbiy, biologik va psixologik ekspertizalar tayinlangan.

Holat yuzasidan 8 iyun kuni Yakkabog‘ tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 128-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi 29 iyun kuni Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 3-qismi “a” bandiga qayta malakalangan. Gumondorlar Sh.X.,  D.H., O.N. va D.A. protsessual tartibda ushlangan.

Mazkur jinoyat ishi Tergov departamenti tomonidan nazoratga olingani hamda barcha aybdor shaxslarga qonuniy chora ko‘rilishi ta’minlanishi bildirilgan.

Avvalroq Namanganda 6-sinf o‘quvchisiga jinsiy zo‘ravonlik qilgan o‘qituvchi qamoqqa olingandi.