Hukumatning 2026 yil 26 iyundagi 337-son qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasida prekursorlarning muomalasi bilan bog‘liq faoliyatni tartibga solish va uzluksiz nazoratni ta’minlash to‘g‘risida”gi yagona nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, prekursorlarni olish, jo‘natish, hisobga olish, berish, tashish, saqlash, sotish, taqsimlash, yo‘q qilish, shuningdek, ularni O‘zbekistonga olib kirish va olib chiqish tartibi belgilandi.
Endilikda prekursorlarni sotib olish jarayonida xaridorning huquqiy asoslari, jumladan litsenziyalari, ro‘yxatdan o‘tkazish hujjatlari hamda moddalardan maqsadli foydalanishni tasdiqlovchi hujjatlar majburiy tarzda tekshiriladi.
Shuningdek, prekursorlar ichki ishlar organlari bilan kelishilgan holda harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari yoki boshqa qo‘riqlash xizmatlari tomonidan tashiladi.
Yangi tartibga muvofiq, prekursorlarni O‘zbekiston hududiga olib kirish va mamlakatdan olib chiqish Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan beriladigan sertifikat asosida amalga oshiriladi. Mazkur sertifikatdan faqat bir marta foydalanish mumkin bo‘lib, uning amal qilish muddati bir yil etib belgilangan.
Bundan tashqari, prekursorlardan foydalanuvchilar kimyoviy moddalarni ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchilardan majburiy tartibda “Xavfsizlik pasporti”ni talab qilishi lozim.
Nizomga ko‘ra, prekursorlar yaroqlilik muddati tugaganda, ulardan foydalanish imkoniyatini istisno etuvchi kimyoviy yoki fizik ta’sirga uchraganda, shuningdek, ularning prekursor ekanini aniqlashning imkoni bo‘lmagan hollarda belgilangan tartibda yo‘q qilinadi.










