Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida fuqaroga imtiyozli kredit rasmiylashtirib berishni va’da qilib, pul talab qilgan hokim yordamchisi qo‘lga olindi.

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda mansabdor shaxs xizmat xonasida pul mablag‘ini qabul qilayotgan vaqtida, ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Boshqarma xabariga ko‘ra, hokim yordamchisi kambag‘allikni qisqartirish dasturi doirasida ajratilgan 33 million so‘mlik imtiyozli kreditni boshqa mahallada yashovchi fuqaro nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Buning evaziga u fuqarodan 200 AQSh dollari talab qilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi uchinchi qismi «v» bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov ketmoqda.