Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarning ma’naviy-axloqiy qadriyatlarga oid adabiyotlarni o‘qishini baholash va tasdiqlash tartibi belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida mahkumlar uchun maxsus adabiyotlar ro‘yxati shakllantiriladi va har yili yangilanib boriladi.
Mahkumlar o‘qigan kitoblari bo‘yicha maxsus elektron tizim orqali test sinovlaridan o‘tadi. Testlar 100 ballik tizim asosida baholanadi va muvaffaqiyatli natija qayd etilishi uchun kamida 70 ball to‘plash talab etiladi.
Qarorga muvofiq, mahkumning jazo muddati har bir o‘qilgan kitob uchun uch kunga qisqartiriladi. Biroq bir yil davomida qisqartiriladigan muddatning umumiy hajmi o‘ttiz kundan oshmasligi belgilangan.
Test jarayonlarining shaffofligini ta’minlash maqsadida muassasalarda maxsus komissiyalar tashkil etiladi. Komissiya tarkibiga muassasa xodimlari bilan bir qatorda jamoatchilik vakillari ham kiritiladi. Shuningdek, test sinovlari videokuzatuv vositalari orqali nazorat qilinadi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur tartib mahkumlarni kitobxonlikka jalb qilish, ularning ma’naviy saviyasini oshirish hamda jamiyatga moslashuvini kuchaytirishga xizmat qiladi.











