Mamlakatda so‘nggi yillarda an’anaviy giyohvand moddalar bilan bir qatorda sintetik narkotiklar hamda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasi ko‘paymoqda. Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, erkin muomalasi taqiqlangan bunday vositalar asosan qo‘shni davlatlardan noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilib, yashirin tarzda tarqatilmoqda.

DXX xodimlari tomonidan Ichki ishlar va Bojxona organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda Farg‘ona shahrida yashovchi 1974 yilda tug‘ilgan fuqaro kelgusida sotish maqsadida o‘z xonadonida 3580 dona «Regapen» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini saqlayotgani aniqlandi. Mazkur dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Shuningdek, «Qo‘qon – Toshkent» yo‘nalishida harakatlanayotgan, Qo‘qon shahrida yashovchi 1990 yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi «Lacetti» rusumli avtomashina tekshirilganda, uning salonida xufiyona tarzda yashirilgan 2520 dona «Regapen» dori vositasi borligi ma’lum bo‘ldi.

Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mutasaddilar fuqarolarni giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan bog‘liq holatlarga duch kelganda, DXXning 1520 qisqa raqami orqali xabar berishga chaqirmoqda.