«Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi prezident farmoni bilan OAK faoliyatini tashkil etishning yangi tartibi belgilandi.
Farmonga ko‘ra, OAK raisi Fanlar akademiyasi prezidenti tavsiyasi asosida, prezident administratsiyasi bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Shuningdek, komissiya raisi 5 yil muddatga tayinlanadi. Bir shaxsning mazkur lavozimni ketma-ket ikki muddatdan ortiq egallashiga yo‘l qo‘yilmaydi.
OAK rayosati tarkibi ham Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Bunda har ikki yilda rayosat a’zolarining uchdan bir qismi, har olti yilda esa tarkib to‘liq yangilanadi. Komissiya raisi mazkur tartibdan mustasno hisoblanadi.
Farmon bilan OAK raisi maqomi, mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmatlari bo‘yicha Fanlar akademiyasi vitse-prezidentiga tenglashtirildi. Shuningdek, komissiya xodimlarining mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati xodimlari darajasida belgilandi.











