Misrning Sada al-Balad nashrining yozishicha, Namangandagi Xalqaro gullar festivali ilk bor 1961 yil avgust oyida tashkil etilgan. 2018 yildan boshlab festival xalqaro maqomga ega bo‘lib, unda turli davlatlardan mehmonlar va ishtirokchilar qatnashib kelmoqda.

Bu yil festival yubiley — 65-marotaba o‘tkaziladi. So‘nggi yillarda mazkur tadbir nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro miqyosda ham o‘ziga xos brend sifatida tanilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, bu yilgi festival Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilishi ham mumkin. Ayni paytda bir oy ichida eng ko‘p gul ekish bo‘yicha rekord o‘rnatish jarayoni kechmoqda. Ushbu jarayonlar tashkilotning Dubaydagi vakili Kanzi Defravi tomonidan xalqaro talablar asosida kuzatilmoqda.

Xalqaro gullar festivali 24 maydan 12 iyulga qadar davom etadi. Tadbir doirasida gala-konsertlar, dron-shou, avtoparad, ochiq osmon ostidagi simfonik konsert, modalar haftaligi, turli ko‘rgazmalar hamda turizm va investitsiyaga bag‘ishlangan xalqaro forumlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Tashkilotchilarga ko‘ra, shahar ko‘chalariga ekilayotgan rang-barang gullar festival mehmonlarida unutilmas taassurot qoldirishi kutilmoqda.