Pokistonda og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarosi S.J. O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari ko‘magida  vatanga qaytarildi. Bu haqda «Dunyo» AA xabar berdi.

Shu yil fevral oyida S.J. O‘zbekistonga qaytishda yordam so‘rab diplomatik vakolatxonaga murojaat qilgan. Aniqlanishicha, u 2005 yildan buyon Pokiston hududida vizasiz noqonuniy yashab kelgan va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan.

Ayol 2005 yilda Pokiston fuqarosi bilan turmush qurish maqsadida ushbu mamlakatga borgan. Shu yilning o‘zida turmush o‘rtog‘i YTHga uchrab, nogiron bo‘lib qolgan. Shundan buyon u turmush o‘rtog‘ini parvarishlab kelgan. Hozirgi kunda turmush o‘rtog‘ining salomatligi nisbatan yaxshilangan bo‘lsa-da, nogironlik holati qisman saqlanib qolgan. 

O‘rganishlar davomida haqiqatda ham ayolning moliyaviy imkoniyatlari cheklangani, u faqat kundalik ro‘zg‘or xarajatlarini qoplash imkoniyatiga ega ekani ma’lum bo‘lgan.

Elchixona uning shaxsi va fuqaroligini tasdiqlagan. Shundan so‘ng, O‘zbekistonga qaytishi uchun sertifikat rasmiylashtirilgan. Pokiston Ichki ishlar vazirligi mutasaddilari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida ayolning 21 yil davomida vizasiz noqonuniy yashagani uchun belgilangan 8 400 AQSh dollari miqdoridagi jarima bekor qilingan va unga mamlakatni tark etish uchun ruxsat olingan. 

Bundan tashqari, diplomatik missiya ko‘magida S.J. uchun aviachipta sotib olinib, 2 may kuni O‘zbekistonga qaytarilgan.