Toshkent viloyati Angren shahrida yuk mashinasi va bir nechta avtomashina ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda viloyat IIBB.

Holat 26 aprel kuni soat 23:10 atrofida A373 avtomobil yo‘lining 93-kilometrida sodir bo‘lgan. Howo yuk mashinasi haydovchisi (1995 y.t) R.N. harakat vaqtida boshqaruvini yo‘qotib, shu yo‘nalishdagi 4 ta transort vositasi bilan to‘qnashgan.

Oqibatda Sobalt avtomashinasida bo‘lgan 51 yoshli haydovchi I.X. va 40 yoshli yo‘lovchi Z.T. voqea joyida vafot etgan.

Qolgan transport vositalarida bo‘lgan 4 kishi esa turli darajadagi tan jarohatlari bilan tibbiyot birlashmasiga olib borilgan.

Hozirda holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Howo yuk mashinasi haydovchisi protsessual tartibda ushlangan.

Bu birinchisi emas

2025 yil 7 sentabr kuni ham Toshkent viloyatining Angren shahrida, A-373 «Toshkent-O‘sh» xalqaro avtomobil yo‘lining 93-kilometrida  8 ta avtomobil ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgandi. Buning oqibatida 11 kishi halok bo‘lgan va 5 kishi turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgandi.

Shuningdek, 2021 yil mayida ham A-373 avtomobil yo‘lining taxminan shu qismida yana bir fojiali yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgandi. O‘shanda Namangan-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha harakatlangan MAN rusumli tirkamali yuk avtomobili boshqaruvini yo‘qotib, yettita mashinani urib ketgandi, to‘qnashuv natijasida yengil avtomobillardan biri yonib ketgandi.

YTH natijasida 7 kishi voqea joyida vafot etgan, yana 14 kishi turli darajada tan jarohati olgandi.