Turkiya parlamenti 15 yoshdan kichik bolalarga ijtimoiy tarmoqlarga kirishni taqiqlovchi qonunni qabul qildi, deb xabar berdi Reuters.

Qonunga ko‘ra, platformalar foydalanuvchilarning yoshini tekshirish bo‘yicha choralar ko‘rishi shart.

O‘yin platformalari ham ushbu talabga rioya qilishi kerak bo‘ladi – ular o‘yinlarni yosh toifalariga qarab ajratishlari lozim.

Bundan tashqari, foydalanuvchilari soni ko‘p bo‘lgan platformalar Turkiyada o‘z vakiliga ega bo‘lishi talab qilinadi.

Avvalroq Yeni Şafak gazetasi Turkiyada bolalar va o‘smirlar ishtirokidagi qurolli voqealardan so‘ng hukumat bolalar uchun maxsus sim-kartalar joriy etishga qaror qilgani haqida yozgandi. Ushbu sim-kartalar nomaqbul kontentni bloklash tizimi bilan ta’minlanadi.

Shuningdek, hukumat VPN-servislarni bloklash hamda 18 yoshdan kichik bolalarga internetdan foydalanishni cheklash imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.