2026 yilda O‘zbekistonda aholi orasida meningokokk infeksiyasi bilan bog‘liq holatlar biroz ortgan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi xabar berdi.
Infeksiya keng tarqalishining oldini olish maqsadida 8 024 doza vaksina xarid qilinib, bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan 4 862 kishi emlash bilan qamrab olingan.
Ma’lum qilinishicha, 2026 yil 1 choragida respublikada 174 ta meningokokk holati ro‘yxatga olingan. Shundan 168 nafari 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarni tashkil qilmoqda. Kasallik dinamikasiga ko‘ra, aprel oyida mart oyiga nisbatan 14 foizga kamaygani kuzatilgan.
Meningit — bu bosh va orqa miya pardalarining yallig‘lanishi bo‘lib, ko‘pincha bakteriya yoki viruslar sababli yuzaga keladi. U tez rivojlanishi bilan xavfli hisoblanadi.
Qo‘mita infeksiyaning oldini olish bo‘yicha quyidagi choralarni tavsiya qilgan:
- o‘z vaqtida emlanish;
- shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish;
- kasallik alomatlari kuzatilganda darhol shifokorga murojaat qilish;
- jamoat joylarida ehtiyot choralarini ko‘rish;
- Haj va Umra safarlariga borishdan avval meningokokk infeksiyasiga qarshi emlanish, ziyoratdan kelgandan so‘ng esa ommaviy tadbirlardan cheklanish.
Qo‘mita emlash meningokokk infeksiyasidan ishonchli himoyalanishning eng samarali usullaridan biri ekanini ta’kidlagan.











