Turkiyaning Hatay viloyatida yangi masjid ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu ibodat maskani O‘zbekiston tomoni ishtirokida qurilgan bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va hamjihatlikning yorqin namunasi sifatida baholanmoqda.
Ma’lum qilinishicha, masjidga “Buxoro” nomi Turkiyaning murakkab davrlarida o‘zbek xalqi tomonidan ko‘rsatilgan beg‘araz yordam va qo‘llab-quvvatlash uchun minnatdorchilik ramzi sifatida berilgan.
Yangi masjid 3200 ga yaqin xonadonni o‘z ichiga olgan yirik turar joy massivining markazida joylashgan. Ibodat maskani bir vaqtning o‘zida 500 nafargacha ibodat qiluvchini qabul qilish imkoniyatiga ega.

Bino zamonaviy arxitektura yechimlari, qulay sharoitlar va estetik dizayni bilan ajralib turadi. Masjid nafaqat diniy ehtiyojlarni qondirish, balki mahalliy aholi uchun ijtimoiy va ma’naviy markaz sifatida ham xizmat qilishi kutilmoqda.
Tadbir yakunida ishtirokchilar mazkur loyiha O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar hamda gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.











