«Qurolli Kuchlar tizimida respublika kitobxonlik tanlovini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2026 yildan boshlab, quyidagilar o‘rtasida har yili «Ma’naviyat qalqoni» respublika kitobxonlik tanlovi 4 bosqichda o‘tkaziladi:

- muddatli harbiy xizmatchilar;

- kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar;

- oliy harbiy va oliy harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari kursantlari (kursantlar);

- harbiy-akademik litseylar o‘quvchilari (o‘quvchilar).

Kitobxonlik tanlovining respublika bosqichida vazirlik va idoralarning muddatli harbiy xizmatchilari, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilari, kursantlari hamda o‘quvchilari orasidan:

- 1-o‘rinni egallagan 4 nafar g‘olibning har biri Oliy Bosh qo‘mondonning bosh sovrini – elektromobil hamda diplom bilan taqdirlanadi;

- 2-o‘rinni egallagan 4 nafar sovrindorning har biri BHM 100 barobari miqdorida biryo‘la to‘lanadigan pul mukofoti hamda diplom bilan taqdirlanadi;

- 3-o‘rinni egallagan jami 4 nafar sovrindorning har biri BHM 70 barobari miqdorida biryo‘la to‘lanadigan pul mukofoti hamda diplom bilan taqdirlanadi.

Kitobxonlik tanlovining respublika bosqichida 1-, 2- va 3-o‘rinlarni egallagan muddatli harbiy xizmatchilarning xizmat muddati rag‘batlantirish tariqasida 1 oyga qisqartiriladi.