Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati avtomobillar “texpasporti”ning amal qilish muddatiga cheklov qo‘yilgani yuzasidan izoh berdi.

Hukumat qarori bilan, avtomototransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish haqidagi guvohnoma endi 5 yil muddatga beriladi. Bungacha “texpasport”larning amal qilish muddati yo‘q edi.

YHXX izohiga ko‘ra, muddatning cheklanishi – 2026 yil 1 apreldan boshlab beriladigan guvohnomalar uchun tatbiq etiladi.

2026 yil 1 aprelga qadar berilgan “texpasport”lar toki qonunchilikda belgilangan sabablar tufayli almashtirish zarurati kelmaguncha, amal qilishda davom etaveradi.

YHXX bu yangilikni “transport vositasining kuzov, dvigatel singari asosiy agregatlarining mavjudligini inventarizatsiyadan o‘tkazish maqsadi” bilan izohlagan. Vaholanki, ta’kidlash kerakki, agregatlar mavjudligi – majburiy xarakterga ega davriy texnik ko‘riklar davomida ham tekshirib kelinadi.

Eslatib o‘tamiz, avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnomani berish uchun to‘lov miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 70 foizi (hozirda 288 400 so‘m) deb belgilangan. Ushbu to‘lov amal qilish muddati tugagan guvohnomani yangilashga nisbatan ham tatbiq etiladimi, bu haqda ma’lumot berilmadi.