Farmonga ko‘ra, soliq qarzi va muammoli kreditlarni undirishda ijro hujjatlari bo‘yicha mol-mulkni undiruvchi tomonidan rasmiylashtirilgan protsessual hujjatlar asosida davlat ijrochisining qarori bilan elektron onlayn auksion savdolari orqali realizatsiya qilish imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, yuridik shaxslarning mol-mulklarini xatlash va ko‘zdan kechirish bilan bog‘liq ayrim protsessual harakatlar ham yangi tartibda amalga oshiriladi. Jumladan, soliq organining soliq qarzini undirishga oid ijro hujjatlari bo‘yicha bu ishlar soliq organining mansabdor shaxsi tomonidan bajariladi. Garov bilan ta’minlangan majburiyatlarni ijro etishga doir hujjatlar bo‘yicha esa davlat ijrochisining topshirig‘i asosida tijorat bankining vakolatli shaxsi ushbu jarayonda ishtirok etadi.

Yana bir muhim yangilik — ijro hujjatlari bo‘yicha savdolarni tashkil etish bilan bog‘liq hujjatlar, jumladan garov hujjatlari, xatlov va ko‘zdan kechirish dalolatnomalari elektron platformalar orqali yuboriladi.

Farmonda, shuningdek, soliq organi mansabdor shaxsi yoki tijorat bankining vakolatli shaxsi tomonidan tuzilgan xatlash va ko‘zdan kechirish dalolatnomalari asosida realizatsiya qilingan yoki savdoga taklif etilgan mol-mulklarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xatarlar rasmiylashtiruvchi idoralar zimmasida qoldirilishi nazarda tutilgan.