2026 yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 11,6 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 2025 yilning mos davriga nisbatan 767 mln dollarga yoki 7,1 foizga ko‘p.

Bunda eksport hajmi 3,54 mlrd dollar (-23,4 foiz), import hajmi esa 8,04 mlrd dollar (+29,8 foiz) bo‘ldi. Tashqi savdo salbiy saldosi esa 4,5 mlrd dollardan oshdi.
Eksport hajmining qisqarishi ketma-ket besh oydan beri oltin sotilmayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Xususan, 2025 yilda 9,9 mlrd dollarlik (+32,3 foiz) oltin sotilgandi. Bu umumiy eksportning 29,3 foizini tashkil etadi.
So‘nggi yillarda quyidagi qiymatdagi oltin sotuvi amalga oshirilgan:
- 2019 yil – 4,9 mlrd dollar (umumiy eksportning – 28,2 foizi);
- 2020 yil – 5,8 mlrd dollar (38,3 foiz);
- 2021 yil – 4,1 mlrd dollar (24,7 foiz);
- 2022 yil – 4,1 mlrd dollar (21,3 foiz);
- 2023 yil – 8,1 mlrd dollar (32,8 foiz);
- 2024 yil – 7,4 mlrd dollar (27,8 foiz).











