Hukumatning tegishli qarori loyihasida mobil aloqa xizmatlarini litsenziyalash tartibiga qo‘shimchalar kiritish taklif etilgan. Unga muvofiq, operatorlar tomonidan faqat telefon qo‘ng‘iroqlari uchun daqiqalar va yoki SMS-xabarnomalardan iborat alohida tarif rejalari ham mavjud bo‘lishi kerak.
Loyihada yana bir muhim talab sifatida tarif rejalari nomlarini ularning shartlariga bog‘lab nomlashga yo‘l qo‘ymaslik belgilanmoqda. Ya’ni tarif nomi abonent to‘lovi, internet trafigi, qo‘ng‘iroq daqiqalari yoki SMS sonini bevosita ifoda etmasligi lozim bo‘ladi.
Hujjat qabul qilingan taqdirda, Raqamli texnologiyalar vazirligi va tegishli idoralar ikki oy muddatda o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu talablarga moslashtirishi kerak bo‘ladi.
Loyihaga ko‘ra, qaror rasmiy e’lon qilinganidan so‘ng uch oy o‘tgach kuchga kiradi. Uning ijrosini nazorat qilish esa Raqamli texnologiyalar vaziri zimmasiga yuklatilishi rejalashtirilgan.
Mazkur o‘zgarishlar mobil aloqa xizmatlarining shaffofligini oshirish va abonentlar uchun yanada tushunarli hamda qulay tariflarni shakllantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.











