Hujjatga muvofiq, 2026 yil 1 apreldan boshlab Toshkent shahrida yangi sanoat zonalarini tashkil etishga muddatsiz moratoriy joriy etiladi. Bunda xizmat ko‘rsatish yoki moliyaviy xizmatlarga ixtisoslashgan zonalar bundan mustasno hisoblanadi.

Farmonga ko‘ra, 2026–2030 yillarda atmosfera havosiga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdorini kamaytirish, sanoat korxonalarida chang-gaz tozalash uskunalarini keng joriy etish hamda ekologik nazoratni kuchaytirish asosiy vazifalardan biri etib belgilangan.

Shuningdek, issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalarda avtomatik monitoring stansiyalari o‘rnatilib, ulardan olinadigan ma’lumotlar yagona geoaxborot tizimiga integratsiya qilinadi. Ekologik talablarga rioya etmagan korxonalarga nisbatan jarimalar kuchaytirilishi ham nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, transport sohasida ham ekologik choralar kuchaytiriladi. Jumladan, «avtomobilsiz kun» aksiyalari joriy qilinib, eski avtotransport vositalarini yangisiga almashtirishni rag‘batlantirish choralari ko‘riladi.