Davlat rahbari ta’kidlaganidek, Navro‘z asrlar davomida turli xalq va millatlarni yaqinlashtirib kelgan, insonlarni ezgulik, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat ruhida birlashtirgan ulug‘ bayramdir.
Prezidentning qayd etishicha, bugun yurtda yashayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillari Navro‘zni bir oiladek, shod-u xurramlik bilan nishonlamoqda. Bu esa mamlakatdagi ahillik va totuvlik muhitining yana bir yorqin ifodasi bo‘lmoqda.
Shavkat Mirziyoyev ana shunday hamjihatlik va o‘zaro hurmat Yangi O‘zbekistonni birgalikda barpo etishning eng ishonchli kafolati ekanini urg‘uladi.
“Biz jamiyatimizda millatlar va dinlararo hamjihatlikni bundan buyon ham mustahkamlash uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz. Bu borada qo‘shni va qardosh mamlakatlar bilan birga yagona Markaziy Osiyo ovozi bo‘lib, mintaqamizning tinchlik, birodarlik va hamkorlik makoni sifatidagi nufuzini oshirishga ustuvor ahamiyat qaratamiz”, dedi prezident.
Davlat rahbari tantanali tadbirda ishtirok etayotgan xorijiy davlatlar elchilari, xalqaro tashkilotlar vakillarini ham Xalqaro Navro‘z kuni bilan samimiy qutlab, ular orqali barcha do‘st xalqlarga ezgu tilaklarini yo‘lladi.
Qayd etilganidek, Navro‘zning tinchlikparvar va birlashtiruvchi g‘oyalari bugun nafaqat mamlakat, balki butun mintaqa va xalqaro hamjamiyat uchun ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.











