Bugungi o‘smirlar 15 yil avvalgi tengdoshlariga qaraganda ancha kam uxlaydi va uyqu yetishmovchiligi ommaviy muammoga aylanmoqda. AQShdagi Konnektikut universiteti tibbiyot maktabi olimlari ana shunday xulosaga kelishdi.
Olimlar AQShning Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi tomonidan muntazam o‘tkaziladigan o‘smirlar xulq-atvori bo‘yicha milliy so‘rovnoma ma’lumotlarini tahlil qildilar. Bu maktab o‘quvchilarining hayot tarzini o‘rganuvchi eng yirik tadqiqotlardan biri hisoblanadi. Tahlilga 2007–2023 yillar oralig‘idagi ma’lumotlar kiritilgan.
Unga ko‘ra, o‘smirlarning yarmidan ko‘pi sutkasiga besh soatdan kam uxlashini bildirgan. Bu kuzatuvlar davridagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Bunday qisqa uyqu vaqti o‘sib borayotgan organizm uchun juda kam hisoblanadi. Doimiy uyqu yetishmasligi xavotir, depressiya holatlari, diqqatni jamlashda qiyinchiliklar va o‘qishdagi natijalarning yomonlashishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, u semirish va qandli diabet xavfini ham oshiradi.
2007 yilda sakkiz soat yoki undan ko‘p uxlaydigan maktab o‘quvchilari 30 foizdan ortiq bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yilga kelib bu ko‘rsatkich chorak qismdan ham kamroqni tashkil etgan.
Kam uxlash depressiv fikrlar bor-yo‘qligidan yoki ekran qarshisida ko‘p vaqt o‘tkazishidan qat’i nazar, deyarli barcha o‘smirlar guruhlarida kuzatilmoqda.











