Prezidentning “Sug‘orishda suv yo‘qotishlarini kamaytirish va suv tanqisligining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Suv xo‘jaligi vazirligi tizimida suv yo‘qotilishi yuqori bo‘lgan 389 kilometr kanallarni rekonstruksiya qilish va betonlashtirish rejalashtirilgan.
Ushbu ishlar natijasida yiliga o‘rtacha 206 million kub metr suv resurslarini hamda 26 million kilovatt soat elektr energiyasini iqtisod qilish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, 158,4 ming gektar sug‘oriladigan yerlarning suv ta’minotini yaxshilash ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, suv tanqisligi sharoitida suv resurslaridan oqilona foydalanish choralari kuchaytiriladi.
Qarorga muvofiq, sug‘orish tarmoqlarini ta’mirlash va betonlashtirish ishlari “bir kanal – bir tizim” tamoyili asosida, avval betonlashtirilgan yoki betonlashtirish boshlangan kanallardan suv oluvchi tarmoqlarda birinchi navbatda amalga oshiriladi.












