Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot kotibi Sherzod Saparovning yozishicha, agentlik viloyat hokimligiga holat yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda xizmat tekshiruvi o‘tkazish hamda huquqiy baho berish bo‘yicha taqdimnoma kiritgan.
Taqdimnoma natijalariga ko‘ra, H.Umarovga nisbatan «hayfsan» intizomiy jazosi qo‘llanilgan.
“Agentlik tomonidan davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash, davlat xizmatida yuksak kasbiy va axloqiy standartlarni qaror toptirish hamda qonun buzilishi holatlariga nisbatan javobgarlik muqarrarligini ta’minlash ishlari izchil davom ettiriladi”, deya ta’kidlagan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot kotibi.
Eslatib o‘tamiz, audioyozuvda Quva tumani hokimi Halimjon Umarov ekani aytilgan shaxs fermerlar bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda ulardan birini haqorat qilgan.
“Ey sen, k.., gaplashging kelmayaptimi men bilan? ...qa o‘yin qilyapsanmi? Uch kundan beri axtaraman seni, topilmaysan. ... tiqib qo‘yaymi hozir?! Tiqilging kelyaptimi?”, degan u fermer bilan suhbatda.
Farg‘ona viloyati hokimligi holatga aniqlik kiritish uchun xizmat tekshiruvi tayinlanganini bildirgandi.
Ma’lumot uchun, Halimjon Umarov 2021 yil fevralidan Quva tumani hokimi lavozimida ishlab keladi. Bungacha u Farg‘ona viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan.











