Jinoyat ishi Jinoyat kodeksining 116-moddasi, ya’ni kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik bilan qo‘zg‘atilgan. Bu haqda 26 fevral kuni bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
18 fevral kungi voqea haqida Kun.uz 25 fevral kuni xabar bergan edi. 6 yoshli tarbiyalanuvchi Abuzar Ravshanjonov bog‘cha hududida, yer ostiga o‘rnatilgan yuqori kuchlanishli tranformator punktiga tushib ketishi oqibatida jiddiy jarohat olib, tana a’zolari kuyib ketgan. U ayni paytda shifoxonada qolmoqda.
Bog‘cha qurib foydalanishga topshirilganiga 2 yil bo‘lishiga qaramay, inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan yerto‘la atrofi maxsus to‘siqlar bilan o‘ralmagan. Yerto‘la eshigi esa oddiy sellofan paket bilan yopib qo‘yilgan.
Bog‘cha hududiga yuqori kuchlanishli transformator punktini qurgan korxona rahbari Kun.uz bilan suhbatda TP atrofini o‘rash loyihaga kiritilmagani, lekin yerto‘lani yopish kerak bo‘lgani, xodimlar esa e’tiborsizlik qilganini aytgan.











