O‘zbekistonda elektromobillarni quvvatlash stansiyalarida 1 kWh elektr energiyasi narxining 300 so‘mdan oshgan qismi davlat budjetidan qoplab beriladi.

Bunday tartib 2026 yil 1 maydan boshlab yo‘lga qo‘yilishi kerak.

Bu – prezident farmoni bilan tasdiqlangan 2026 yilgi davlat dasturida ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, 2026 yil 1 martdan boshlab elektromobilda taksi faoliyati bilan shug‘ullanuvchi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun:

  • ijtimoiy soliqdan 10 foizgacha chegirma beriladi;
  • davlat tashkilotlariga tegishli avtoturargohlar, shu jumladan aeroport va vokzallardagi avtoturargohlarda 30 daqiqagacha bepul foydalanishga ruxsat etiladi;
  • huquqbuzarlik va YTH sodir etmasdan 1 million kilometr masofada taksi xizmatini ko‘rsatgan fuqarolarga “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishoni beriladi.

Quvvatlash stansiyalari uchun sotib olinadigan yer maydonlarining auksiondagi boshlang‘ich narxi ularning bozor qiymatidan 2 barobar arzon narxda belgilanadi. Bu topshiriq ijrosi 2026 yil 1 maydan boshlanishi kerak.

Shuningdek, respublika hududlarida 14 ta botanika va dendrologiya bog‘lari, 20 tadan soya-salqin sayr ko‘chalari barpo etiladi.

Xorijiy tajribani o‘rgangan holda (Fransiya, Xitoy, Saudiya Arabistoni) sun’iy yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasiga ilmiy asoslangan holda pilot amaliy loyiha ishlab chiqiladi.