O‘zbekistonlik tadbirkor hukumat komissiyasi bilan 14 fevral kungi ochiq muloqotda shakar importi uchun bojni olib tashlashga chaqirdi.

“Oziq-ovqat sanoatchilari nomidan aytaman. Shakar narxi oxirgi 1 oy ichida 2500 so‘mga oshdi. Biz shakarni asosan Rossiyadan olamiz. Rossiya narxni nega ko‘taryapti, bilmaymiz, lekin alternativa bor: Pokiston, Hindiston, Braziliya. Iltimos, bojni olib tashlasanglar, biz Braziliyadan bemalol shakar olib kelardik”, – dedi tadbirkor.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev bu masala ko‘rib chiqilishini aytdi.

“Qabul qildik, ko‘rib chiqamiz. Men [boj kamaytirilishi yoki bekor qilinishiga] va’da bermayman, [lekin] ko‘rib chiqamiz”, – dedi Xo‘jayev.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda shakar importiga 20 foizlik boj o‘rnatilgan. Bu boj MDH erkin savdo rejimi doirasida Rossiyadan importda amal qilmaydi.

2025 yil 1 oktyabrdan boshlab oq shakarga nisbatan 20 foizlik aksiz solig‘i bekor qilingan edi.

Statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2026 yil yanvar oyida shakar narxi 1 foizga ko‘tarilgan. Yillik nisbatda esa (2025 yilning yanvari bilan taqqoslaganda) shakar 3,7 foizga arzonlashgan.