Qarorga ko‘ra, 2026-2027 o‘quv yilidan bosqichma-bosqich o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari hamda umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining 9–11-sinf o‘quvchilari uchun har oyda kamida 2 marotaba “Mohirlik va biznes soati” tadbirlarini tashkil etish yo‘lga qo‘yiladi.

Tadbirlar doirasida quyidagi yo‘nalishlar belgilangan:

  • “Eng yaxshi startap g‘oyasi” tanlovi o‘tkaziladi. Tuman bosqichi g‘oliblariga 5 mln so‘mgacha, viloyat bosqichi g‘oliblariga 10 mln so‘mgacha mukofot berilishi ko‘zda tutilgan;
  • yaratilgan loyihalar har chorakda o‘quvchilarning ota-onalari, biznes va ilmiy hamjamiyat vakillariga taqdimot qilinadi;
  • marketpleyslar bilan hamkorlik o‘rnatilib, ta’lim tashkilotlarida yaratilgan mahsulotlarni sotish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, qarorda 2026 yil 1 apreldan davlat organlari, tashkilotlar va davlat ishtirokidagi korxonalar o‘z sohasidagi yechim talab qilayotgan muammo va masalalar bo‘yicha kraudsorsing elektron platformasi orqali tanlovlar tashkil etishi hamda har oy startap tashabbuskorlari bilan uchrashuvlar — “Startap kuni” tadbirlarini o‘tkazishi nazarda tutilgan.