Tashqi ishlar vazirligi vakillari bilan muzokaralardan so‘ng Yuul iste’foga chiqish haqida “to‘g‘ri va zarur” qaror qabul qildi, chunki Epshteyn bilan aloqalar “uning mulohaza va baho berishida jiddiy xatolar bo‘lganini ko‘rsatadi”, — dedi Norvegiya TIV rahbari Espen Bart Eyde. “Bu uning xizmat vazifalarini bajarishi uchun zarur bo‘lgan ishonchni qayta tiklashni qiyinlashtiradi”, — deb qo‘shimcha qildi vazir.
Nashrda, shuningdek, diplomat o‘tgan haftani o‘zidayoq xizmat vazifalarini bajarishdan chetlatilgani aytiladi. Hozir TIV Yuulning Epshteyn bilan, ayniqsa, vazirlik xodimi sifatida, “qanchalik yaqin” aloqada bo‘lganini o‘rganmoqda. Sobiq xodima tergov doirasida TIV bilan hamkorlikni davom ettiradi.
“Epshteyn fayllari”da Yuulning o‘zi bilan birga uning turmush o‘rtog‘i — 78 yoshli diplomat va siyosatchi Tere Rud-Larsen, shuningdek ularning ikki nafar farzandi — Emma va Edvard ham tilga olingan. Dpa agentligi ma’lum qilishicha, Emma va Edvard moliyachining vasiyatida qayd etilgan. Aytilishicha, Epshteyn bu vasiyatni 2019 yil avgust oyida Nyu-York qamoqxonasida o‘z joniga qasd qilishidan sal oldin imzolagan. E’lon qilingan hujjatlardan ko‘rinishicha, har bir farzand 5 million dollardan olgan.
Norvegiya TIV, shuningdek, vazirlik tomonidan AQShda joylashgan Xalqaro tinchlik institutiga (IPI) ajratilgan mablag‘lar bo‘yicha tekshiruv o‘tkazayotganini ma’lum qildi. Bu institutga 2004–2020 yillarda Rud-Larsen rahbarlik qilgan. Ma’lum bo‘lishicha, IPI Epshteyn bilan bog‘liq jamg‘armalardan 650 ming yevro xayriya olgan — shundan keyin Rud-Larsen iste’foga chiqqan.
Tekshiruvlar bo‘yicha izoh bergan Yuul aytishicha, u Epshteyn bilan ish faoliyati doirasida tanishgan va keyinchalik u bilan juda kam — minimal aloqa saqlab kelgan. Yuulning turmush o‘rtog‘i esa moliyachi bilan aloqalarni “jiddiy xato” deb atagan. Norvegiya OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Rud-Larsenning Epshteyn bilan “shaxsiy moliyaviy munosabatlari” bo‘lgan.












