Ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida qo‘shimcha choralar ko‘rildi, deb xabar berdi Raqamli hukumat (e-gov.uz) markazining rasmiy kanali.

Qayd qilinishicha, endi OneID tizimida shaxsiy ma’lumotlarni boshqa tizimlarga (bank, moliya, sug‘urta, telekommunikatsiya va boshqalar) taqdim etish yoki cheklash imkoniyati mavjud.

Buning uchun:

- Kompyuter orqali id.egov.uz saytiga o‘ting;

- Tizimda ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsangiz, buni bajaring;

- ERI (imzo) yoki Mobile-ID yordamida tizimga kiring;

- «Shaxsga doir ma’lumotlarni boshqarish» bo‘limida xizmatni faollashtiring;

- Kerakli tashkilot qarshisidagi qulf belgisini oching yoki yoping.

Agar OneID tizimiga QR-kod orqali kirish usuli tanlansa, «Shaxsga doir ma’lumotlarni boshqarish» bo‘limi avtomatik faollashadi:

- Mobil qurilmada GooglePlay yoki AppStore orqali OneID ilovasini yuklab oling;

- Mobile-ID yoki MyID orqali tezkor avtorizatsiyadan o‘ting;

- Ilovaning quyi qismidagi skanerlash tugmasini bosing va kompyuter ekranidagi QR-kodni skanerlang.

Ta’kidlanishicha, ma’lumotlarga kirishni cheklash — bu kiberjinoyatchilikdan himoyalanishning eng samarali usulidir.