Samarqand viloyatining Toyloq tumanida o‘lim bilan yakunlangan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati Kun.uz’ga ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, 2026 yil 29 yanvar kuni soat 18:20 atrofida Toyloq tumanining “Jumabozor” MFY hududidan o‘tuvchi D-069 avtomobil yo‘lining 12-kilometrida, Toyloq-Urgut yo‘nalishida harakatlanayotgan velosipedchini shu yo‘nalishda kelayotgan Isuzu rusumli yuk avtomobili urib yuborgan.
Zarba oqibatida velosipedchi yo‘lga yiqilgan. Shu paytda orqadan kelayotgan Damas rusumli transport vositasi uni bosib ketgan.
Hodisa oqibatida fuqaro voqea joyida halok bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan Toyloq tumani IIB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Viloyat YHXB barcha yo‘l harakati ishtirokchilarini harakat qoidalariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.











