Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining Xorazm viloyati Hazorasp tumanida bo‘lib o‘tgan sayyor majlisida viloyatda korrupsiyaga qarshi kurashish natijadorligi va mavjud muammolar tanqidiy ruhda muhokama qilindi. Yig‘ilishga Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva rahbarlik qildi.

Ma’lum qilinishicha, Xorazm viloyatida 2025 yilda 2024 yilga nisbatan korrupsiyaviy jinoyatlar soni 34 foizga kamaygan. Biroq, o‘rganishlar davomida korrupsiyaviy xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan ayrim yo‘nalishlarda korrupsiya omillarini bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosi hanuz yetarli darajada ta’minlanmayotgani aniqlangan.

Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov axborot berdi. Uning ma’lum qilishicha, 2025 yilda viloyatda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygani hamda davlat xizmatida tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga oid cheklovlar bo‘yicha qonunchilik talablariga amal qilmagani uchun 12 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Shu bilan birga, viloyat, tuman va shahar hokimliklarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 60 ga yaqin boshqaruv xodimlarining tadbirkorlik sub’yektlarida ta’sischi yoki rahbar sifatidagi faoliyati saqlanib qolayotgani ma’lum bo‘ldi. Majlisda bu holat korrupsiya xavfini kuchaytiruvchi omil sifatida baholanib, masala yuzasidan tegishli tushuntirishlar tinglandi.

Yig‘ilishda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha vazifalarni amalga oshirishda tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 10 nafardan ortiq mas’ul rahbarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish bo‘yicha milliy kengashga taklif kiritilgani ham ma’lum qilindi.

Shuningdek, majlisda Hazorasp tumanini «Korrupsiyadan xoli hudud»ga aylantirishga qaratilgan alohida amaliy chora-tadbirlar belgilanib, muhokama yakunida mas’ullar zimmasiga aniq vazifalar yuklandi va ularning bajarilishi ustidan nazorat o‘rnatildi.