Filu laqabli mushuk 250 kilometr yo‘l bosib Ispaniyadan Fransiyaga qaytib keldi, deb yozadi France Info.

Xabar qilinishicha, mushukning egalari Evelin va Patrik Sir yozda farzandlari bilan Ispaniyada dam olgan va o‘tgan yil avgustida o‘zlari yashaydigan Olonzak kommunasiga qaytishgan.

Oila yo‘lda benzin quyish uchun to‘xtagan va Filu mashinadan tushib qolgan. Ular buni keyinroq payqashgan va benzin quyish shoxobchasiga qaytib borishgan, lekin mushuk topilmagan.

Oradan besh oy o‘tgach, ularga Olonzak kommunasida yashaydigan Elen ismli ayol qo‘ng‘iroq qilgan. Ayolning so‘zlariga ko‘ra, u Filuni 9 dekabr kuni hovlisida topib olib, parvarish qila boshlagan. Bir kuni mushuk yo‘talayotganini ko‘rgach, uni veterinarlarga olib borgan. Veterinarlar mushukni ko‘zdan kechirish chog‘ida unga o‘rnatilgan chipni ko‘rishgan va ushbu chipdagi ma’lumotlar orqali Elen Evelin va Patrik bilan bog‘langan.

Mushuk buncha masofani qanday bosib o‘tgani noma’lum.