“O‘zbekiston–2030” strategiyasi loyihasida suv resurslaridan unumli foydalanish masalasi alohida yo‘nalish sifatida kiritilgan. Loyihada suv ishlatish samaradorligini oshirish, qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalar ulushini kengaytirish, irrigatsiya tizimini modernizatsiya qilish hamda aholi uchun ichimlik suvi hisobini to‘liq yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Loyihada keltirilgan maqsadli ko‘rsatkichlar quyidagicha:
- suv ishlatish samaradorligini 25 foizga oshirish;
- qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarini suv tejovchi texnologiyalari bilan ta’minlash darajasini 100 foizga yetkazish;
- har yili tomchilab sug‘orish texnologiyasi qamrovini 500 ming gektarga oshirish;
- irrigatsiya tizimi va sug‘orish tarmoqlarining foydali ish koeffitsiyenti ko‘rsatkichini 0,73 gacha yetkazish;
- suv tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarning yillik quvvatini 300 ming gektarga yetkazish;
- barcha ichimlik suv iste’molchilariga hisoblagichlar o‘rnatishni 100 foiz ta’minlash.
Loyihaga ko‘ra, ushbu choralar suv sarfini qisqartirish, suv ta’minotida shaffof hisob-kitobni kuchaytirish, qishloq xo‘jaligida hosildorlikni barqaror saqlash hamda irrigatsiya infratuzilmasining samaradorligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.











