2018 – 2019 yillardan boshlab bugungi kungacha respublikada 38 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar noqonuniy qurilgan. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov ma’lum qildi.
Vazirning ta’kidlashicha, noqonuniy qurilish bir nechta toifalarga bo‘linadi.
«Birinchidan, bu yerning ruxsatisiz, hokim qarorisiz olingani bilan bog‘liq holatlar. Ikkinchidan, loyihalar arxitektura kengashidan o‘tmagan va normativlarga muvofiqligi tekshirilmagan. Uchinchidan, yer bo‘yicha qaror bor, loyiha kengashdan o‘tgan, ammo litsenziyaga ega bo‘lgan ekspertiza tashkilotiga ham, davlat ekspertizasiga ham yuborilmagan», — dedi Hidoyatov.
Qurilish vazirining qo‘shimcha qilishicha, noqonuniy qirilgan obektlar bilan ishlash uchun maxsus ishchi guruh tuzilgan.
«Noqonuniy qurilish masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, taxminan 2018 — 2019 yillardan boshlab bugungi kungacha respublikada 38 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar noqonuniy qurilgan. Ushbu 38 mingta obekt bo‘yicha ishchi guruh tuzildi. Aniq belgilandi, joylarga borib, qurib bitkazilgan binolarni o‘rganib, zilzilabardoshligini ta’minlash imkoni bo‘lsa, instrumental tekshiruvlar o‘tkazilishi shart», — dedi vazir.











