«Chunki bugungi kunda respublikaning 37,7 mln nafar aholisi DMED tizimiga biriktirilgan bo‘lib, ularning elektron tibbiy kartasi to‘liq shakllantirilgan. Shu sababli fuqarolarni tizimda qayta ro‘yxatdan o‘tkazishga hech qanday ehtiyoj yo‘q», – deyiladi xabarda.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida (KTMP, OP, OShP) aholiga tibbiy-sanitariya yordami davlat tomonidan kafolatlangan hajm doirasida bepul ko‘rsatiladi.
Kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlardan bepul foydalanish uchun belgilangan muddatlarda tegishli tibbiy ko‘riklardan o‘tish, oilaviy shifokorga yoki tibbiyot brigadasiga murojaat qilish talab etiladi (shoshilinch va tez tibbiy yordam ko‘rsatish bundan mustasno).
Bunda oilaviy shifokor davolash va tashxislash standartlariga muvofiq, tor soha shifokorlariga, zarur hollarda shifoxonalarga elektron yo‘llanma beradi hamda bemor mazkur yo‘llanma asosida tor soha shifokori tomonidan ko‘rikdan o‘tkaziladi va (yoki) shifoxonaga yotqiziladi.
Vazirlik sog‘liqni saqlash tizimiga oid eng to‘g‘ri va aniq ma’lumotlarni vazirlikning rasmiy sahifalari orqali olishni so‘ragan.











