Prezident bu yo‘nalishda global depozitariylarni milliy fond bozoriga olib kirish muhimligini ham qayd etdi. Shuningdek, xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan «Kapital bozori to‘g‘risida»gi yangi qonun loyihasini tez fursatda qabul qilish lozimligi ta’kidlandi.
Ma’lum qilinishicha, kelgusi yildan korxonalar ilk bor xalqaro bozorlarda ham aksiyalarini joylashtirishi mumkin bo‘ladi. Umuman, kapital bozorini rivojlantirish orqali tadbirkorlarga qo‘shimcha 1 milliard dollar jalb qilish imkoniyati yaratilishi qayd etildi.
Shu bilan birga, prezident “soya” iqtisodiyoti ulushini qisqartirish borasidagi ishlarga to‘xtaldi. Qayd etilishicha, amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushini 45–50 foizdan 28 foizga tushirishga erishilgan. Biroq bu hali dastlabki qadam ekani ta’kidlandi.
Bu yo‘nalishdagi ishlarni yanada kuchaytirish uchun 2026 yilda barcha davlat xizmatlari va kommunal to‘lovlar, shuningdek yoqilg‘i, alkogol va tamaki mahsulotlari, avtomobil hamda ko‘chmas mulk savdolari naqdsiz to‘lov shakliga o‘tkazilishi belgilandi.
Shuningdek, soliq, bojxona, sanepidemnazorat, standart, karantin, qurilish nazorati inspeksiyasi, yong‘in xavfsizligi kabi 17 turdagi tekshiruvlarda yonkameradan foydalanish majburiy bo‘lishi aytildi.
“Soya”dan ixtiyoriy ravishda shaffof faoliyatga chiqmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar buxgalteriya, statistika va soliq hisobotlarini yuritish bo‘yicha bepul o‘qitilishi ma’lum qilindi.
Prezident ayrim fuqarolarda topgan daromadini iqtisodiyotga yo‘naltirish, bank depozitlariga joylashtirish va aktivlarini o‘z nomiga rasmiylashtirish bilan bog‘liq xavotirlar borligini ham qayd etib, deputatlar hamda Markaziy bank xalqaro tashkilotlar bilan maslahatlashgan holda fuqarolarning mamlakat ichida yoki chet elda olgan daromad va aktivlaridan emin-erkin foydalanishi uchun sharoit yaratish bo‘yicha takliflar tayyorlashini so‘radi.











