Konstitutsiyaviy islohotlar doirasida viloyat hokimlari hamda mahalliy kengashlar raislari lavozimlari alohida etib belgilangan edi. Endi ushbu boshqaruv modeli 2026 yildan respublika bo‘ylab 208 ta tuman va shaharda ham yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi.

Davlat rahbari ta’kidlashicha, mazkur siyosiy islohot hokimlar va ijro idoralarining kengashlarga munosabatini tubdan o‘zgartirishni talab qiladi. Shu maqsadda deputat so‘rovlari ijrosi har chorakda tahlil qilinib, sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan holatlar bo‘yicha prokuraturaga taqdimnoma kiritilishi belgilandi.

Shu bilan birga, parlament nazoratini yanada kuchaytirishga qaratilgan qator takliflar ham bildirildi. Xususan, prezident davlat kafolati ostida tashqi qarz olish masalasini ma’qullash vakolatini ham parlament ixtiyoriga o‘tkazishni taklif qildi. Aytilishicha, 2023 yildan buyon tashqi qarz miqdorini parlament belgilab kelmoqda.

Bundan buyon davlat xaridlarida tovar, ish va xizmatlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri sotib olish mumkin bo‘lgan holatlar faqat qonun bilan belgilanishi ta’kidlandi.